Xalqaro hamkorlik kengaydi — Gertsen universiteti bilan “Yozgi oromgoh-2026” va keng ko‘lamli hamkorlik kelishuvlari

 Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov boshchiligidagi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilgan xizmat safari davomida I.A.Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar natijasida 2026-yilda rejalashtirilgan “Yozgi oromgoh — 2026” loyihasi hamda bir qator qo‘shma ta’lim-ilmiy tashabbuslar yuzasidan asosiy kelishuvlarga erishildi.

 Asosiy kelishuvlar va loyihaning maqsadi:

 “Yozgi oromgoh — 2026”
— Loyihaning maqsadi — talabalarning xalqaro muloqot va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirish, madaniy almashinuvni yo‘lga qo‘yish hamda til o‘rganish uchun intensiv platforma yaratish. Gertsen universiteti va Andijon davlat chet tillari instituti talabalari birgalikda o‘quv-amaliy sessiyalar, ijodiy va OTMlararo jamoaviy loyihalar, madaniy dasturlar va tarmoq faoliyatida ishtirok etadi;

 Loyiha formatida seminarlar, treninglar, madaniy-sport tadbirlari va ta’limiy mashg‘ulotlar nazarda tutilmoqda. Ishtirokchilar uchun amaliy kurslar va interaktiv dasturlar tashkil etiladi;

 Talabalar almashinuvi va stajirovkalar
— Ta’lim modullari, qisqa muddatli akademik almashinuvlar va stajirovkalar yo‘lga qo‘yilishi kelishildi. Bu dasturlar talabalar uchun xorijiy tajriba orttirish, malaka oshirish va til muhitida o‘qish imkoniyatini taqdim etadi.

 Ilmiy-tadqiqot va ta’limiy hamkorlik
— Ikki tomonlama ilmiy izlanishlar, qo‘shma maqolalar, konferensiyalar va grant loyihalarida hamkorlik yangi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Ular ta’lim metodikasi, tilshunoslik, madaniy aloqa va pedagogik innovatsiyalar sohalarini qamrab oladi.

 Professor-o‘qituvchilar mobilligi va malaka oshirish
— O‘qituvchilar uchun qisqa pedagogik stajirovkalar, master-klasslar va ilmiy konsultatsiyalar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

 Institut rahbariyati xalqaro hamkorlikni strategik yo‘nalish sifatida rivojlantirishni davom ettiradi va ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali talabalar hamda professor-o‘qituvchilarga keng imkoniyatlar yaratishga sodiqdir.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content