ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTI DELEGATSIYASI DUNYO OLIMI VLADIMIR ILICH KARASIK BILAN UCHRASHDI

 Ayni vaqtda Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida boʻlib turgan Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov boshchiligidagi delegatsiya zamonaviy lingvistika fanida alohida oʻringa ega boʻlgan, aksiologik lingvistika maktabining asoschisi, 300 dan ortiq ilmiy ishlanmalarning muallifi, jahonga tanilgan tilshunos olim Vladimir Ilich Karasik bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot davomida olimning xalqaro miqyosda olib borayotgan ilmiy izlanishlari, lingvistika sohasi rivojiga qoʻshayotgan katta hissasi, shuningdek, uning tadqiqotlari nafaqat Rossiyada, balki butun dunyoda, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlab oʻtildi. Karasikning ilmiy merosi bugun tilshunoslikning dolzarb yoʻnalishlaridan biri boʻlgan aksiologik lingvistikani chuqur oʻrganishda muhim manba sifatida qadrlanmoqda.

 Uchrashuv yakunida olim Vladimir Ilich Karasik 2025-yilning oktyabr oyida Andijon davlat chet tillari institutiga tashrif buyurishi maʼlum qilindi. Tashrif doirasida institut olimlari, doktorantlari va yosh tadqiqotchilari uchun ilmiy seminar va mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashrifdan koʻzlangan maqsad — tilshunoslikning yangi ilmiy yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro tajriba almashish, ilmiy maktablar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish va yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirishdir.

 Mazkur uchrashuv Andijon davlat chet tillari institutining jahon ilmiy hamjamiyatidagi oʻrnini yanada mustahkamlash, xalqaro aloqalarni kengaytirish va ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga qaratilgan sa’y-harakatlarning yorqin namunasidir.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content