INSTITUT PROFESSORI YOSHLAR BILAN UCHRASHDI

Andijon davlat chet tillari instituti professori Sh.Alimov Andijon viloyati Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat kutubxonasida Andijon viloyati “Nuroniylar” jamg‘armasi Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suhbati mehmoni bo‘ldi. Tadbirda barcha tumanlardan kelgan yoshlar hamda harbiy qism xizmatchilari ishtirok etdi.

 Uchrashuv davomida oilani mustahkamlash, unda er-xotinning o‘zaro hurmati va mas’uliyati, sog‘lom muloqot madaniyati, nizolarni bartaraf etishning odob-axloq va huquqiy mezonlari muhokama qilindi. Professor Sh.Alimov mavzuni ilmiy-nazariy yondashuvlar va hayotiy misollar bilan tushuntirib berdi.

 Tadbir doirasida Sh.Alimov asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda, xususan, muallifning “Kelin-kuyov va qaynonalar munosabati” nomli asari mazmun-mohiyati muallifning o‘zi hamda soha mutaxassislari tomonidan keng yoritildi. Asarda turmushning dastlabki bosqichlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan psixologik va ijtimoiy omillar, qadriyatlar va urf-odatlar balansini saqlash, oilaviy muhitda muloqot madaniyatini mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bayon etilgani ta’kidlandi.

 Muloqot va savol-javob. Ishtirokchilar oilaviy munosabatlarda avlodlararo hurmat, ota-ona mas’uliyati, farzand tarbiyasida institut va mahalla hamkorligi kabi savollar bilan murojaat qildilar. Qator amaliy takliflar bildirildi, foydali adabiyotlar ro‘yxati tavsiya etildi.

 Tadbir yakunida Andijon viloyati “Nuroniylar” Kengashi hamda viloyat kutubxonasi jamoasiga tashkilotchilik uchun minnatdorlik bildirildi. Professor Sh.Alimovga tashkilotchilar tomonidan maxsus Tashakkurnoma topshirildi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content