“Ipak yo‘li” o‘quv markazi: Andijon davlat chet tillari institutida yangi hamkorlik bosqichi

 Bugun, 13-avgust 2025-yil kuni, Xitoy Xalq Respublikasining Ivu shahridagi “Ipak yo‘li” o‘quv markazi rahbari Vang Xiao Kang Andijon davlat chet tillari institutiga tashrif buyurdi. Mehmonni institutning Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori M.Kurbanov hamda O‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i S.Toshtonov boshchiligidagi mas’ullar kutib oldi.

Tashrif davomida Vang Xiao Kang institutning fakultet va markazlari, ilmiy  laboratoriyalari hamda o‘quv jarayoni bilan tanishdi. Unga institutdan asosiy mas’ul sifatida biriktirilgan Ingliz tili amaliyoti kafedrasi mudiri M.Xoshimov hamrohlik qildi. Uchrashuvlarda ADChTI negizida “Ipak yo‘li” o‘quv markazini ochish bo‘yicha kelishuv tasdiqlandi va tomonlar hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

 Shu kuni mehmon o‘quv markazining ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda markaz faoliyati institut va Xitoydagi hamkor muassasa o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvi, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qo‘shma ta’lim tashabbuslarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil kengaytirishga kelishib oldi. Markaz faoliyati, qabul va kurslar bo‘yicha batafsil ma’lumot institutning rasmiy kanallari orqali alohida e’lon qilinadi.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content