
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Andijon davlat chet tillari instituti delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Institutning tajribali kafedra mudirlari — E.Kurbanov hamda M.Xoshimovlar ushbu safar davomida bir qator muhim xalqaro uchrashuvlar va muzokaralarda ishtirok etmoqdalar.
Delegatsiyaning navbatdagi tashrifi Shanghai Publishing and Printing College (SPPC) oliygohiga bo‘ldi. Tashrif doirasida SPPC rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan samarali muzokaralar olib borildi. Uchrashuv davomida tomonlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishdilar:
2+2 shaklidagi talabalar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish – Bunga ko‘ra, institut bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan talabalar 2 yilni O‘zbekistonda, qolgan 2 yilni esa Xitoyda o‘qib, ikkala tomon diplomiga ega bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi.
Xitoylik til mutaxassisining Andijonga tashrifi – Kelgusida SPPCdan bir nafar xitoylik tajribali o‘qituvchi Andijon davlat chet tillari institutida xitoy tili fanidan dars o‘tishi rejalashtirildi.
SPPC magistratura dasturiga o‘zbek talabalarining qabul qilinishi – Institutning iqtidorli bitiruvchilari va yosh mutaxassislari endilikda Xitoyda magistrlik darajasini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Yozgi qisqa muddatli ta’lim kurslari – Xitoy tomoni Andijon davlat chet tillari instituti talabalari uchun har yili yozda qisqa muddatli (“summer camp”) kurslarini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bu esa talabalarimiz uchun nafaqat bilim va ko‘nikmalarini oshirish, balki madaniy almashinuv doirasida yangi tajribalarni o‘zlashtirish imkonini yaratadi.
Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stona munosabatlar va barqaror hamkorlik poydevorini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Delegatsiya safar davomida boshqa nufuzli oliygohlar bilan ham muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati