
Bugun – 16.07.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida 2024–2025-oʻquv yilini tamomlagan magistratura va bakalavriat bosqichi bitiruvchilari uchun diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Institut faollar zalida tashkil etilgan ushbu tantanali tadbirda bitiruvchilarning ota-onalari, professor-oʻqituvchilar, institut rahbariyati hamda mehmonlar ishtirok etdilar.
Tadbirni institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov ochib berib, bitiruvchilarni bugungi quvonchli sana bilan tabrikladi. U oʻz nutqida yosh mutaxassislarga kelgusida kasbiy faoliyatlarida omad va zafarlar tilab, olingan bilim va tajribani Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yoʻlida sarflashga chaqirdi. Shuningdek, bugungi kunda xorijiy tillarni chuqur oʻzlashtirgan, xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar yetishtirish institutning asosiy vazifalaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.
Tadbir davomida bitiruvchilarga namunadagi davlat diplomlari tantanali ravishda topshirildi. Bitiruvchilar oʻz minnatdorchilik soʻzlarini bildirib, ustozlariga hurmat va ehtirom izhor etdilar. Marosim davomida bitiruvchi talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, kuy-qoʻshiqlar va samimiy tabriklar tadbirga yanada koʻtarinki ruh bagʻishladi.
Mazkur marosim institutda yoshlarga berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir amaliy isboti boʻldi. Institut jamoasi bitiruvchilarni yangi hayot bosqichida qoʻllab-quvvatlashda davom etishini, ularning kasbiy oʻsishi va muvaffaqiyatli faoliyati uchun doimo tayanch boʻlib qolishini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz! Ushbu marosim fakultet va yoʻnalishlar kesimida reja asosida davom etadi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati