
Bugun, 14-iyuldan boshlab, yurtimiz boʻylab 2025-2026-oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. Shu jumladan, Andijon davlat chet tillari institutida ham abituriyentlar uchun imtihonlar oʻz vaqtida va belgilangan tartibda start oldi.
Institut sport zalida tashkil etilgan imtihon maskanida abituriyentlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Jarayonni ochiq va shaffof oʻtkazish maqsadida zamonaviy kuzatuv texnikasi oʻrnatilgan, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, tartib-intizom yuqori darajada taʼminlanmoqda.
Bugungi imtihonlarda yuzlab abituriyentlar oʻz bilim va salohiyatini namoyish etishmoqda. Ularning ota-onalari va yaqinlari uchun qulay kutish joylari ajratilib, sovuq ichimliklar va boshqa xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan.
Institut rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov jarayonni bevosita kuzatib, masʼullardan tashkilotchilik ishlarini yuqori saviyada olib borishni talab etdi. Imtihonlarning adolatli, oshkora va xolis baholanishi uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda.
Andijon davlat chet tillari institutida kirish imtihonlari belgilangan jadval asosida davom etadi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati