Andijon davlat chet tillari institutidan 7 nafar talaba Shanxayga yo‘l olmoqda

Yurtimizning xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Andijon davlat chet tillari instituti xalqaro hamkorlik sohasida izchil va samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, bugungi kunda institutning 🇨🇳Xitoy Xalq Respublikasi oliygohlari bilan o‘zaro aloqalari yanada mustahkamlanib, amaliy natijalar bermoqda.

Bugun ana shunday ezgu hamkorlikning navbatdagi samarasi sifatida institutning 7 nafar iqtidorli talabasidan iborat delegatsiya Xitoyning Shanxay shahriga yozgi oromgohda malaka oshirish va madaniy almashinuv dasturlarida ishtirok etish maqsadida yo‘lga chiqdi.

Yo‘lga chiqish arafasida institut rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov ushbu talabalar va ularga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bilan uchrashib, samimiy suhbat o‘tkazdi. Uchrashuv davomida rektor talabalarni O‘zbekiston yoshlarini jahon sahnasida munosib vakillik qilishga, milliy qadriyatlarimizni yuksak saviyada targ‘ib etishga va ilmiy salohiyatlarini yanada oshirishga chaqirdi.

“Bugun sizlar nafaqat institutimiz, balki butun Vatanimiz sha’nini Shanxayda munosib himoya qiluvchi elchilarsiz. Xitoylik hamkorlarimiz bilan o‘zaro do‘stlik va madaniy almashinuvni yanada rivojlantirib, O‘zbekiston yoshlarining intellektual qudratini namoyon etishingizga ishonaman”,

— dedi Dilshodbek Abduvahidovich.

Mazkur tashrif nafaqat talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, balki ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va madaniyat aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, o‘zaro do‘stlik ko‘prigini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekistonning ochiq tashqi siyosati, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va xorijiy sheriklar bilan teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy ishlarning yorqin ifodasidir.

Institut jamoasi bu tashabbusning kelgusida yanada kengayib, talabalarga dunyo miqyosidagi bilimlarni o‘zlashtirish, zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish va xalqaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishiga ishonch bildirmoqda.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content