Andijon davlat chet tillari institutida Xalqaro hamkorlik boʻlimining yangi strategik rejasi taqdim etildi

Andijon davlat chet tillari institutida Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlangan Alisher Xoshimjonov boʻlimning yangi strategik rejasi bilan institut jamoasini tanishtirdi. Tadbir davomida boʻlimning yaqin va uzoq muddatli maqsadlari, xalqaro reytinglarda institutning oʻrnini mustahkamlash, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xalqaro grantlar va loyihalarda faol ishtirok etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Alisher Xoshimjonov boʻlim faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, xorijiy hamkorlarni jalb etish, professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun almashinuv dasturlarini kengaytirish, shuningdek, xalqaro konferensiyalar va seminarlarni muntazam tashkil etish rejalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, Xalqaro loyihalar bilan ishlash va strategik rivojlanish boʻyicha rektor maslahatchisi G.Rahmonova, boʻlim xodimlari X.Qodirov hamda N.Abduqodirovlar ham xalqaro aloqalarni rivojlantirishda ochiqlik, samaradorlik va jamoaviy hamkorlik tamoyillariga asoslanishini ta’kidlab oʻtdilar va bu yoʻlda oʻzlari tomonidan amalga oshirishi koʻzda tutilgan loyihalar haqida fikrlar bildirdilar.

Yigʻilish yakunida institut rektori D.A.Rustamov soʻzga chiqib, A.Xoshimjonovni yangi lavozimi bilan tabrikladi va uning oldiga qo‘yilgan vazifalarni izchil amalga oshirishda barcha jamoa aʼzolarini faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, xalqaro hamkorlik institut rivojlanishining asosiy omillaridan biri ekanini alohida qayd etib, bunda har bir bo‘lim va professor-o‘qituvchilar jamoasining o‘z hissasini qo‘shishi muhimligini ta’kidladi.

 Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Leave a Reply

Skip to content