TALABALAR OROMGOHGA KUZATILDI

Kuni kecha – 2025-yilning 16-iyun kuni Andijon davlat chet tillari institutida an’anaviy tarzda tashkil etilgan “Talabalar yozgi o‘quv oromgohi”ga talabalar tantanali ravishda kuzatildi. Marosimda institut rahbariyati, mas’ul mutasaddilar, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

🔴Kuzatish marosimi davomida so‘z olgan Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor M.Kurbanov ushbu oromgoh nafaqat hordiq chiqarish, balki intellektual va ma’naviy rivojlanish uchun muhim imkoniyat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u talabalarga yangi do‘stlar topish, jamoaviy muhitda ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilishda muvaffaqiyat tiladi.

Institut matbuot xizmati rahbari A.Yunusov esa so‘zida talabalarni faol va tashabbuskor bo‘lishga undadi. U oromgohda o‘tkaziladigan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, ijodiy bellashuvlar orqali talabalar yanada mustahkam jamoaga aylanishini, bilim va ko‘nikmalarini kengaytirishini alohida ta’kidladi.

Profilaktika katta inspektori B.Xodjayev esa oromgoh mobaynida xavfsizlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratilishini eslatib o‘tdi. U talabalarga turli noxush holatlarning oldini olish, yong‘in va suv xavfsizligi, tibbiy yordam, tungi tartib-intizom qoidalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida talabalar oromgohga ko‘tarinki ruhda kuzatildi. Yozgi o‘quv oromgohi davomida ular uchun maxsus ishlab chiqilgan dasturning amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali nafaqat dam olish, balki o‘z ustida ishlash, yangi bilim va tajribalar orttirish imkoniyati yaratiladi.

Shubhasiz, bunday tashabbuslar talabalar salohiyatini yuzaga chiqarishda, ularni har tomonlama yetuk va sog‘lom avlod sifatida kamol topishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Leave a Reply

Skip to content