ILM VA MADANIYAT UYGʻUNLIGI

2025-yil 13–14-iyun kunlari Xonobod shahrida Andijon davlat chet tillari instituti tashabbusi bilan «Fargʻona vodiysi viloyatlarida turizm, gid, tarjimonlik va mehmonxona sohalarini rivojlantirish hamda chet tillarini oʻqitishning yangi istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiyada AQSh, Janubiy Koreya, Xitoy, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi qator davlatlar hamda respublikamizdagi OTMdan tashrif buyurgan olimlar, amaliyotchilar va sohaga aloqador yetuk mutaxassislar ishtirok etdilar. Tadbirda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, chet tillarini zamonaviy metodikalar asosida o‘qitish, mintaqaviy gid-tarjimonlar salohiyatini oshirish va mehmonxona biznesi bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘zaro muhokama qilish, tajriba almashish va istiqbollarni belgilash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Konferensiya davomida mehmonlar uchun “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida “Yurtim boʻylab sayohat” shiori ostida Xonobod shahridagi tarixiy-madaniy maskan — “Fozilmon ota” ziyoratgohiga tashrif uyushtirildi. Ushbu tashrif ishtirokchilarga nafaqat hudud tarixi va qadimiy meʼmoriy yodgorliklar bilan yaqindan tanishish, balki mahalliy aholi turmush tarzini o‘rganish va mintaqadagi turizm imkoniyatlari haqida jonli taassurot hosil qilish imkonini berdi.

Xorijlik mehmonlar “Fozilmon ota” ziyoratgohidagi ezgulik, orom va tarixiy ruhi mujassam muhitdan hayratda qolganliklarini yashirmadilar. Jumladan, AQShdan kelgan ishtirokchi ziyoratgohdagi ijtimoiy-madaniy muhit, mahalliy aholi mehmondo‘stligi va mintaqadagi boy tarixiy merosdan chuqur taassurot olganini ta’kidladi. Koreyalik mutaxassislar esa Xonobodning tabiat manzaralari va tarixiy obidalarni xalqaro sayyohlik yo‘nalishlari doirasiga kiritish mumkinligini qayd etdilar.

Ushbu xalqaro uchrashuv va madaniy-maʼrifiy tashrif Farg‘ona vodiysi imkoniyatlarini yanada kengroq ko‘rsatish, xorijliklar bilan yaqin hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yosh avlodga o‘z diyorining tarixiy-madaniy boyliklarini tanitishda muhim qadam bo‘ldi.

Leave a Reply

Skip to content