TIL – MULOQOT, TURIZM – YAQINLIK KOʻPRIGI

Bugun – 2025-yil 13-iyun kuni Xonobod shahrida Andijon davlat chet tillari instituti tashabbusi bilan «Fargʻona vodiysi viloyatlarida turizm, gid, tarjimonlik va mehmonxona sohalarini rivojlantirish hamda chet tillarini oʻqitishning yangi istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur tadbir bugungi globallashuv davrida til o‘rganish, turizm va tarjimonlik sohalarining integratsiyalashgan rivoji, xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Andijon davlat chet tillari instituti rektori, filologiya fanlari doktori D.A.Rustamov va Xonobod shahar hokimi E.Xolmirzayevlar ishtirok etib, konferensiya ishtirokchilarini samimiy tabrikladilar. Rektor o‘z so‘zida soha bo‘yicha ilg‘or ilmiy va amaliy tajribalarni ommalashtirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorliklarni mustahkamlashga qaratilgan bunday anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Shahar hokimi esa Xonobod shahrining turizm salohiyati, shuningdek, ushbu konferensiya orqali ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning mustahkamlanishidan umid bildirdi.

Tadbir doirasida Zoom platformasi orqali bir qator xorijiy davlatlardan olimlar, soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Onlayn tarzda konferensiyaga qo‘shilgan xorijlik olimlar chet tillarni o‘qitishdagi zamonaviy yondashuvlar, turizm va tarjimonlikda innovatsion texnologiyalarning o‘rni, madaniyatlararo muloqotdagi tarjimonning mas’uliyati kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildilar.

Zalda bevosita ishtirok etgan O‘zbekistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari ham o‘z taqdimotlari orqali mavzu yuzasidan muhim ilmiy xulosalar va amaliy takliflarni ilgari surdilar. Konferensiyada ishtirokchilarning faol savol-javoblari, tajriba almashinuvi va yangi tashabbuslarni ilgari surishlari anjuman jarayonini yanada boyitdi.

Tadbir yakunida qatnashchilarga sertifikatlar topshirildi hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Konferensiya Farg‘ona vodiysida til, tarjima va turizm sohalarining o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanishiga xizmat qiladigan muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

Leave a Reply

Skip to content