

Andijon davlat chet tillari institutida 2024/2025-o‘quv yili bitiruvchilarining bitiruv malakaviy ishlarini himoya qilish jarayonlari boshlandi. Ushbu jarayonning ilk bosqichida Roman-german va slavyan tillari fakulteti Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar o‘z ilmiy izlanishlarini taqdim etdilar.
Himoya jarayoni institutda ilmiy va metodik yondashuv asosida tashkil etilib, unga O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i S.Toshtanov, fakultet dekani M.Pazilov, kafedra mudiri F.Rustamova, shuningdek, ilmiy rahbarlar va himoya komissiyasi a’zolari ishtirok etdilar.
Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan mas’ullar bitiruvchilarni mazkur muhim bosqich bilan tabriklab, bitiruv malakaviy ishining faqatgina o‘quv jarayonini yakunlovchi hujjat emas, balki talabaning ilmiy saviyasi, tahliliy fikrlashi va kasbiy yetukligini namoyon etuvchi mezon ekanini ta’kidladilar.
Talabalar o‘z ishlarida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, tilshunoslik va adabiyotshunoslikka oid dolzarb mavzularni yoritib, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirganliklarini ko‘rsatib berdilar. Komissiya a’zolari esa taqdimotlar yuzasidan savollar berib, ilmiy ishlarning mazmuni va sifatiga e’tibor qaratdilar.
Mazkur jarayon butun institut bo‘ylab bosqichma-bosqich davom etadi. Bitiruvchilar uchun bu nafaqat o‘z mehnatini namoyish etish, balki kelajak kasbiy faoliyatiga qadam qo‘yish yo‘lida muhim sinov bo‘lib xizmat qilmoqda.