
Oʻtib borayotgan hafta davomida Andijon davlat chet tillari institutida unutilmas va samimiy uchrashuv guvohi bo‘lindi. 1974–1979-yillarda institumiz(sobiq Andijon davlat tillar pedagogika instituti)da tahsil olgan bitiruvchilar o‘zlari bilim olgan muqaddas dargohga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida mehmonlar institut faoliyati, hozirgi holati, yangidan-yangi binolar, zamonaviy o‘quv auditoriyalari, til o‘rganishga mo‘ljallangan laboratoriyalar, kutubxona va kompyuter xonalarining imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Bitiruvchilar institut tarixidagi o‘z izlarini yana bir bor his qilishdi, o‘qituvchi va talaba bo‘lgan davrlarini eslab, qalblar to‘lqinlandi.
Uchrashuv doirasida institut rahbariyati bitiruvchilarni qutlab, ularning institut hayotiga bo‘lgan mehr va e’tiboridan minnatdorlik bildirdi. Bitiruvchilar ham o‘z navbatida, ilm maskanida ko‘rilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va taraqqiyotdan mamnun ekanliklarini ifoda etdilar.
Tadbir davomida iliq suhbatlar, esdalik fotosuratlar, talabalik davriga oid xotiralar almashildi. Ba’zi bitiruvchilar institutning rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ham bildirdilar.
Mazkur tashrif nafaqat institut uchun, balki bitiruvchilar uchun ham katta tarixiy va ruhiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Uchrashuv yoshlik yillari, ustozlar xotirasi va ilmga bo‘lgan ehtiromni yana bir bor yodga solgan iliq lahzalarga boy tarzda o‘tdi.