ICHKI TURIZM VA UNITILMAS TAASSUROTLAR

Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz tili va adabiyoti fakulteti tyutori D.Xakimov «Dolzarb 90 kunlik» loyihasi doirasida ichki turizmni rivojlantirish, talabalarning estetik didi, madaniy dunyoqarashi va ijodiy tafakkurini boyitish maqsadida o‘ziga biriktirilgan talabalar bilan birgalikda Namangan shahriga sayohat uyushtirdi.

Mazkur tashrif davomida talabalar Namangan shahrida an’anaviy tarzda keng nishonlanadigan “Gullar bayrami”da ishtirok etdilar. Bu bayram doirasida shahar markazida tashkil etilgan rang-barang gul ko‘rgazmalari, san’at va dizayn namunalarini tomosha qilib, turli hududlardan tashrif buyurgan ustalarning noan’anaviy yondashuvlarida aks etgan floristika san’atidan bahramand bo‘lishdi. Ayniqsa, milliy va zamonaviy uslublar uyg‘unligida yaratilgan gul kompozitsiyalari, turfa xil bezaklar talabalar e’tiborini tortdi va ularda katta taassurot qoldirdi.

Sayohat davomida talabalar Namangan shahrining yana bir mashhur va ommabop maskani — “Afsonalar bog‘i”da ham bo‘lishdi. Bu maskan mehmonlarga zamonaviy sharoitda hordiq chiqarish, tabiat qo‘ynida maroqli dam olish imkoniyatini yaratadi. Talabalar ushbu istirohat bog‘ida faol dam olish uchun yaratilgan sharoitlardan foydalandilar, attraksionlarda qatnashdilar, guruhli sayr uyushtirib, do‘stona suhbatlar orqali o‘zaro muloqot va jamoaviy kayfiyatni mustahkamlashdi.

Ushbu tashrif talabalar uchun nafaqat ko‘ngilochar va madaniy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘ldi, balki ularning o‘z yurti go‘zalliklarini qadrlash, jamoada muloqot qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash va sog‘lom dam olish madaniyatini shakllantirishda muhim rol o‘ynadi.

Tyutor D.Xakimov rahbarligidagi bu tashabbus talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ichki turizm orqali estetik tarbiya berish va ijtimoiy-faol muhitni shakllantirishga qaratilgan samarali amaliy ishlar sirasiga kiradi.

Leave a Reply

Skip to content