00

2025-yil 10-iyun kuni soat 13:30da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025-yil stipendiya tanlovi bo‘yicha onlayn seminar tashkil etildi. Seminar Andijon davlat chet tillari instituti kichik majlislar zalida ham jonli tarzda translyatsiya qilindi va institutdan mas’ullar hamda tanlovga qiziqqan yoshlar faol ishtirok etishdi.
Seminarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2025-yilda taqdim etiladigan stipendiya tanlovining barcha tafsilotlari tushuntirildi. Ushbu stipendiya tanlovi STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) va iqtisodiyotning drayver sohalari (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari) kabi sohalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, davlat boshqaruvi, tibbiyot, ta’lim kabi dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga ham o‘rin ajratilishi ta’kidlandi.
Seminarda stipendiya tanlovi uchun ajratilgan o‘rinlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jami 450 ta o‘rin taqdim etilib, shundan 130 ta bakalavriat, 220 ta magistratura va 100 ta doktorantura dasturlari uchun ajratilgan. Nomzodlar hujjat topshirish jarayonida onlayn platforma el-yurt.uz orqali ishtirok etishlari mumkin.
Andijon davlat chet tillari institutida seminarni tinglagan yoshlar uchun tanlovga hujjat topshirish jarayonini osonlashtirish uchun maxsus ko‘rsatmalar va maslahatlar berildi. Seminar ishtirokchilari “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan imkoniyatlar haqida yanada chuqurroq tushuncha hosil qilib, o‘zlarining kelajakdagi ta’lim rejalari va tanlovga tayyorgarlik jarayonini yanada yaxshilashga qaratilgan savollarni muhokama qilishdi.
Ushbu seminar, yoshlarni global miqyosda ta’lim olish imkoniyatlari bilan tanishtirish va stipendiya tanloviga tayyorlashga qaratilgan muhim tadbir bo‘ldi. Andijon davlat chet tillari instituti va boshqa tashkilotlar uchun bu kabi tadbirlar yoshlarning ilm-fan, ta’lim va kasbiy rivojlanishiga qo‘shgan katta hissa bo‘lib xizmat qiladi.