

2025-yil 9-iyun kuni “Quvnoqlar va zukkolar”ning an’anaviy “Vodiy ligasi” musobaqasi final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona vodiysining barcha hududlaridan saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan 6 ta eng kuchli jamoa bellashdi. Ushbu final — nafaqat hazil-mutoyiba, balki iste’dod, sahna madaniyati va jamoaviy ijodiy fikrlashning yorqin namoyishi bo‘ldi.
Mazkur finalda Andijon davlat chet tillari instituti nomidan ishtirok etgan “Qarindoshlar” jamoasi o‘zining o‘tkir hazillari, hayotiy sahnalari va dolzarb mavzularni yengil va ijobiy ruhda talqin etishi bilan tomoshabinlar va hakamlar hay’atining alohida e’tiborini qozondi. Yosh va ijodiy izlanuvchan talabalardan iborat jamoa sahnadagi har bir chiqishi bilan maydonni qarsak va kulguga to‘ldirdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, “Qarindoshlar” jamoasi faxrli 4-o‘rinni egalladi. Bu natija yosh jamoa uchun katta yutuq bo‘lib, ularning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam zamin yaratadi. Shu bilan birga, institutimiz talabalari hazil vositasida ijtimoiy masalalarni yoritishda, ijobiy kayfiyat ulashishda va jamoaviy ijodda qanday salohiyatga ega ekanligini yana bir bor isbotladi.
Andijon davlat chet tillari instituti rahbariyati va talaba-yoshlari “Qarindoshlar” jamoasini ushbu muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklaydi hamda kelgusidagi ijodiy yo‘llarida yanada yuksak marralarni zabt etishlariga tilakdoshdir.