
Kuni kecha Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz tili va adabiyoti fakultetida bitiruvchi talabalarning Xitoy Xalq Respublikasida ishlash imkoniyatlariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatining asosiy maqsadi – bitiruvchi talabalarni xorijda, xususan, Xitoyda mavjud ish o‘rinlari, ish sharoitlari, yashash va ijtimoiy himoya masalalari bilan batafsil tanishtirish, ularning huquqiy va mehnat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tushunchalar berishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida Xitoydagi ish beruvchilar tomonidan taqdim etilgan rasmiy takliflar, ish haqi miqdori, yashash joylari bilan ta’minlash, sug‘urta tizimi hamda boshqa ijtimoiy kafolatlar haqida ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar xorijda ishlashning ijobiy va salbiy jihatlari, shuningdek, chet elda mehnat qilayotganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularning huquqiy yechimlari haqida batafsil tushuntirishlar berishdi.
Institut bitiruvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va ular uchun qiziqarli bo‘lgan ko‘plab jihatlar muhokama qilindi. Tadbir yakunida esa iqtidorli va chet tillarini mukammal o‘zlashtirgan talabalarga Xitoy kompaniyalari bilan bevosita suhbatlar tashkil etildi hamda ularning nomzodlari saralash bosqichlariga tavsiya etildi.
Mazkur davra suhbati Andijon davlat chet tillari instituti bitiruvchilarining xalqaro mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi, ularning xorijiy tillarni amaliyotda qo‘llay olish malakasini yanada mustahkamlash, va eng asosiysi, yoshlarga yangi ish imkoniyatlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.