YOSHLAR JINOYATCHILIK VA HUQUQBUZARLIKKA QARSHI

Bugun – 05.06.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakulteti tyutori N.Mo‘minovaga biriktirilgan talabalar ishtirokida muhim davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut rektori maslahatchisi M.Isroilov hamda profilaktika katta inspektori B.Xodjayevlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvda talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yozgi ta’til vaqtini mazmunli o‘tkazish, bo‘sh vaqtni foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish, ijtimoiy-faol hayot tarzini shakllantirish bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.

Tadbir davomida talabalar bilan ochiq muloqot shaklida savol-javoblar o‘tkazilib, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mas’ullardan atroflicha javob oldilar. Rektor maslahatchisi M.Isroilov institut rahbariyati har doim talaba-yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi. B.Xodjayev esa talabalarni huquqbuzarlikdan ogoh bo‘lishga, o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilishga, har qanday muammoli vaziyatlarda tyutor, dekanat yoki boshqa mas’ullarga murojaat qilish zarurligini eslatib o‘tdi.

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tib, talabalarda katta taassurot qoldirdi. Bunday davra suhbatlari yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish va salbiy holatlardan yiroq bo‘lishlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Leave a Reply

Skip to content