
2025-yilning 4-iyun kuni Andijon davlat chet tillari institutidan Ingliz tili va adabiyoti fakulteti qoshidagi Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi mudiri E.Kurbanov boshchiligida bir guruh mas’ullar, magistrantlar va talaba-yoshlar Qirg‘iziston Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — O‘sh davlat universitetiga rasmiy tashrif buyurdilar.
Ushbu tashrif institutning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirish, hamda talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif davomida mehmonlar O‘sh davlat universiteti rektorati va professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalar, seminar va treninglar, hamda talabalar almashinuvi dasturlari yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Shuningdek, universitet kutubxonasi, o‘quv laboratoriyalari, zamonaviy texnika bilan jihozlangan auditoriyalar bilan tanishdilar.
Ushbu tashrif nafaqat ilmiy-amaliy hamkorlik, balki ikki xalq yoshlari o‘rtasidagi do‘stona rishtalarni mustahkamlash, madaniy yaqinlikni chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif so‘ngida tomonlar kelgusi yillarda muntazam almashinuv va hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.