

2025-yil 29-may sanasida Andijon davlat chet tillari institutida navbatdagi IELTS MOCK imtihoni muvaffaqiyatli tashkil etildi. Mazkur sinov xalqaro IELTS imtihonining rasmiy standartlari va mezonlari asosida, haqiqiy imtihon muhitida, barcha belgilangan tartib-qoidalar asosida o‘tkazildi.
Imtihonda ishtirokchilar tinglab tushunish (Listening), o‘qish (Reading), yozish (Writing) hamda og‘zaki nutq (Speaking) bo‘limlari bo‘yicha sinovdan o‘tmoqdalar. Har bir bo‘lim alohida baholash mezonlari asosida amalga oshirilmoqda va ishtirokchilarga real IELTS tajribasini his etish imkonini bermoqda.
Eng e’tiborlisi, ushbu IELTS MOCK imtihonlari institut tomonidan talabalarga va boshqa qiziqish bildirganlarga to‘liq bepul tarzda taqdim etilmoqda. Bu esa, ayniqsa, IELTS imtihoniga tayyorgarlik ko‘rayotganlar uchun o‘z bilim darajasini sinovdan o‘tkazish, kuchli va zaif jihatlarini aniqlash, real amaliy tajriba orttirish hamda imtihon bosimiga tayyor bo‘lish yo‘lida katta imkoniyatdir.
Andijon davlat chet tillari instituti tomonidan muntazam tashkil etib kelinayotgan bunday bepul sinov imtihonlari institutning ta’lim sifati, talabalarning til ko‘nikmalarini mustahkamlash va ularni xalqaro miqyosdagi sertifikat imtihonlariga puxta tayyorlashga qaratilgan amaliy tashabbuslardan biridir.