

Bugun – 26.05.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida institutdan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ichki turizmni rivojlantirish maqsadida safar uyushtirmoqchi bo‘lgan iqtidorli va faol yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
➡️Mazkur yig‘ilish institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J.Siddikov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i O‘.Rahmonov hamda safar davomida talabalarga hamroh boʻluvchi mas’ullar ishtirokida o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida yoshlarning safar oldidan tayyorgarlik holati, tashrif davomida amalga oshiriladigan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va turistik faoliyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, talabalarning sayohat mobaynida o‘zini tutish madaniyati, institut nomidan munosib ishtirok etish masalalari, xavfsizlik va intizomga oid jihatlar bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining boy tarixiy merosi, madaniyati, o‘ziga xos tabiati va turistik salohiyatiga e’tibor qaratilib, mazkur safar yoshlarning dunyoqarashi, Vatanga muhabbat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilarga safar davomida amalga oshiriladigan rejalar, tashrif marshruti hamda muhim tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan uchrashuvlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mazkur tashabbus institut yoshlari orasida ichki turizmga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ular orasida do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.