
Bugun – 23.05.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-184-sonli qarori mazmun-mohiyatini aholiga, davlat xizmatchilariga va yoshlarga keng tushuntirish masalasi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda institut rektori, Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati D.A.Rustamov, shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyati partiya tashkiloti mas’ullari ishtirok etdilar. Ular mazkur qarorning ahamiyati, asosiy yo‘nalishlari hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berishdi.
Tadbir davomida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatni asrash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha aholining faolligini oshirish, ta’lim muassasalarida ekologik tarbiyani mustahkamlash borasidagi muhim vazifalar haqida fikr almashildi. Shuningdek, talaba-yoshlar o‘rtasida ekologik ong va mas’uliyatni shakllantirish bo‘yicha institutda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan qarorni keng jamoatchilikka yetkazish, uni hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi. Mazkur tadbir ekologik barqarorlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyatining faol ishtirokini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.