TALABALAR BILAN DAVRA SUHBATI TASHKIL QILINDI

Bugun – 15.05.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari instituti Ingliz filologiyasi, o’qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakultetida yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalar savdosiga qarshi kurashga bag’ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularni zararli odatlardan asrash va sog’lom turmush tarzini targ’ib etish maqsadida qator ma’ruzalar tinglandi.

Davra suhbatida Andijon shahar IIOFMB JQB tezkor vakili leytenant D.Xusanov «Yoshlar o’rtasida giyohvand va psixotrop moddalar savdosiga qarshi kurash» mavzusida chiqish qildi. Ma’ruza davomida u yoshlar orasida giyohvandlikning tarqalishi, uning zararli oqibatlari va unga qarshi kurashish usullari haqida keng ma’lumot berdi. Shuningdek, u qonunbuzarlik holatlarini aniqlash va oldini olishda har bir fuqaroning faolligi muhimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Din ishlari bo’yicha qo’mitaning bosh mutaxassisi A.Muzrabxonov «Jaholatga qarshi ma’rifat» mavzusida so’zga chiqib, yoshlarni turli ekstremistik oqimlardan himoya qilish, ular orasida ma’naviyat va ma’rifatni kuchaytirish, yot g’oyalarga qarshi immunitetni shakllantirishning ahamiyati haqida to’xtaldi. U ma’naviy tarbiyaning yosh avlod uchun naqadar muhimligini alohida ta’kidlab, sog’lom jamiyat barpo etishdagi asosiy omillardan biri ekanligini qayd etdi.

Shuningdek, tadbirda Andijon viloyati Din ishlari bo’yicha qo’mitaning yetakchi mutaxassisi S.Murodxonov, rektor maslahatchisi M.Isroilov, profilaktika katta inspektori kapitan B.Xodjayev, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi uslubchisi M.Saliyeva, fakultet dekan o’rinbosarlari va tyutorlar ham ishtirok etishdi. Ular yoshlar tarbiyasida oila, ta’lim muassasalari va mahallalarning tutgan o’rni, yoshlarni yomon odatlardan asrash va ularga to’g’ri yo’l ko’rsatishning ahamiyati haqida fikr almashdilar.

Tadbir davomida yoshlar orasida zararli odatlarning oldini olish, ularning ma’naviy saviyasini oshirish va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar o’z tajribalarini o’rtoqlashib, kelajak avlodni barkamol qilib voyaga yetkazish yo’lida hamkorlikda ishlash muhimligini ta’kidladilar.

Leave a Reply

Skip to content