

Bahorning musaffo havosi, gullagan daraxtlar bag‘rida institut hovlisi yana bir tarixiy uchrashuvga mezbonlik qildi. Bundan 45 yillar ilgari institutni tamomlagan bitiruvchilar jam bo‘lib, o‘zlarining ilm maskaniga qaytishdi. Ular uchun bu tashrif — nafaqat sobiq o‘quv dargohini yana ko‘rish, balki talabalik yillari, ustozlari, bilim yo‘llaridagi ilk qadamlari bilan bog‘liq yorqin xotiralarni yangilash fursati bo‘ldi.
Tashrif doirasida bitiruvchilar Ingliz tili va adabiyoti fakulteti rahbariyati tomonidan kutib olindi. Mehmonlarga hozirgi kunda institutda olib borilayotgan ta’lim jarayonlari, ilmiy-tadqiqot ishlari, yangi infratuzilmaviy imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ular o‘quv binolarini ko‘zdan kechirdilar, zamonaviy laboratoriyalar va texnologik jihozlar bilan tanishdilar.
Tadbirning asosiy qismi talabalar bilan uchrashuvga bag‘ishlandi. Ushbu «Uch avlod uchrashuvi»da mehmonlar o‘zlarining talabalik yillari haqida so‘z yuritib, o‘sha davr muhitini, ustozlarining saboqlarini, kasbiy faoliyatdagi ilk tajribalarini yoshlarga ibrat sifatida hikoya qilishdi. Bugungi talabalar esa o‘z bilimlari, ilmiy izlanishlari va kelajakdagi maqsadlari haqida so‘zlab, faxrli bitiruvchilar bilan fikr almashish imkoniga ega bo‘lishdi.
Uchrashuv so‘ngida bitiruvchilar institut rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildirdilar. Ular institut devorlariga o‘yilgan xotiralarini yana bir bor yurakdan his etdilar. Ushbu tadbir — ilmiy meros, avlodlar davomiyligi va sadoqat timsoli bo‘lib, har ikki tomon uchun unutilmas taassurotlar qoldirdi.