“AMIR TEMUR VORISLARI”: INSTITUTDA HARBIY-SPORT MUSOBAQALARI QIZG‘IN KECHDI

Andijon davlat chet tillari institutida an’anaviy “Payshanba — yoshlar kuni” doirasida talabalarning jismoniy tayyorgarligini oshirish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Amir Temur vorislari” harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi.

Mazkur bellashuvda fakultet tyutorlari tomonidan shakllantirilgan iqtidorli talabalardan iborat jamoalar o‘zaro kuch sinashdilar. Tadbirning tantanali ochilish marosimini institut rektori maslahatchisi M.Isroilov ochib berib, yoshlar hayotida sport va harbiy intizomning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i O.Vositov hamda musobaqa bosh hakami R.Isaqovlar so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tilagan holda, bellashuv qoidalari va adolatli hakamlik mezonlari bilan tanishtirdilar.

Jamoalar bir qator harbiy-amaliy shartlar bo‘yicha murosasiz bahs olib bordilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, barcha shartlarda yuqori natija ko‘rsatgan Roman-german va slavyan tillari fakulteti tyutori Sh.Komilov boshchiligidagi jamoa faxrli 1-o‘rinni egalladi va musobaqa g‘olibiga aylandi.

G‘olib va sovrindorlar institut ma’muriyati tomonidan munosib taqdirlandilar. Bu kabi tadbirlar yoshlarimizning nafaqat bilimli, balki jismonan sog‘lom va mard vorislar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content