INSTITUT JAMOA SHARTNOMASINING 2025-YILDAGI IJROSI SARHISOB QILINDI

25

Andijon davlat chet tillari institutida 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan jamoaning umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda institutning barcha bo‘g‘indagi rahbarlari, ishchi-xodimlari hamda professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Tadbirni institut Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi S.Abduqahhorov ochib berdi va olib bordi.

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala — ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi Jamoa shartnomasida belgilangan bandlarning o‘tgan yil davomidagi ijrosi tahliliga bag‘ishlandi. Ushbu masala yuzasidan institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J.Siddikov hisobot berdi.

Hisobotda quyidagi jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi:

Xodimlarning mehnat huquqlari va ularga yaratilgan munosib ish sharoitlari;
Pedagog-xodimlar va ishchi-xodimlarni moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish chora-tadbirlari;
Ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlarga ko‘rsatilgan yordamlar;
Madaniy-ma’rifiy tadbirlar va xodimlarning sog‘lig‘ini tiklash borasida amalga oshirilgan ishlar.

Yig‘ilish davomida so‘zga chiqqanlar shartnoma bandlarining ijrosi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Yakunda jamoa shartnomasining 2025-yildagi bajarilishi qoniqarli deb topildi hamda kelgusida xodimlarning manfaatlarini yanada kengroq himoya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content