

Andijon davlat chet tillari institutida talaba-yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” ilmiy maqolalar tanlovi o‘z yakuniga yetdi.
Buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning hayoti, faoliyati va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlangan mazkur tanlovda ishtirokchilar o‘zlarining tahliliy yondashuvlari va dolzarb mavzulardagi ilmiy izlanishlari bilan faol ishtirok etdilar.
“Payshanba — Yoshlar kuni” doirasida institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, bo‘lim boshliqlari va talabalar ishtirokida g‘olib va sovrindorlarni tantanali rag‘batlantirish tadbiri o‘tkazildi. Tanlov Nizomi talablariga muvofiq, eng yuqori natija ko‘rsatgan quyidagi talabalar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: Abdumannobova Zahroxon — Ingliz tili va adabiyoti fakulteti 2-bosqich talabasi;
2-o‘rin: Odilov Diyorbek — Ingliz filologiyasi, o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi;
3-o‘rin: Yuldashova Go‘zal — Roman-german va slavyan tillari fakulteti 2-bosqich talabasi.
G‘oliblarga institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori M.A.Kurbanov tomonidan maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tanlovlar yoshlarning ilmiy tadqiqotlarga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, ularni buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganishga undashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati