ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTI REKTORI, PROFESSOR DILSHODBEK ABDUVAHIDOVICH RUSTAMOVNING TALABA-YOSHLARGA MUROJAATNOMASI

​ANDIJON DAVLAT CHET TILLARI INSTITUTI REKTORI, PROFESSOR DILSHODBEK ABDUVAHIDOVICH RUSTAMOVNING TALABA-YOSHLARGA MUROJAATNOMASI

​Aziz hamkasblar! ​Qadrli ota-onalar hamda shijoatli talaba-yoshlar!

​Bugun mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Kuni kecha Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan samimiy muloqoti barchamizni, ayniqsa, oliy ta’lim fidoiylarini g‘oyat to‘lqinlantirib yubordi.

​Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 32 ta yirik tashabbus — bu nafaqat yoshlar uchun imtiyoz, balki biz, rektorlar zimmasiga yuklatilgan ulkan mas’uliyatdir. Bizning Andijon davlat chet tillari instituti ham ushbu tarixiy islohotlarning markazida turib, ilm va til o‘rgatish maskanidan — imkoniyatlar va hayotiy yutuqlar maydoniga aylanishi shart.

Til bilgan — el biladi: Bizning strategik maqsadimiz

​Prezidentimiz xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming nafar instruktor shakllanganini alohida e’tirof etdilar. Bu ko‘rsatkichda bizning institut bitiruvchilarining ulushi sezilarli bo‘lishi — bizning sharafli burchimizdir.

Xalqaro stajirovka: Endilikda institutimizning eng iqtidorli yosh o‘qituvchilari va talabalari AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Singapur kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuboriladi.

“Ko‘mak” va o‘quv markazlari: Biz institut qoshida chekka hududlardagi yoshlarga til o‘rgatuvchi metodik markazlar tarmog‘ini kengaytiramiz. Bu orqali talabalarimiz nafaqat o‘qiydi, balki o‘qituvchi sifatida ilk ish joyi va daromadiga ega bo‘ladi.

​“Mening birinchi kasbim” — Bandlikka kafolat

​Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan “Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida bitiruvchi talabalarimiz uchun stajirovka tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

​Institutimiz talabalari o‘qishni tamomlamasdanoq nufuzli tashkilotlarda amaliyot o‘tab, oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya olishlari uchun barcha jamoatchilik aloqalarni safarbar etamiz.

Dual ta’lim: Biz ham ilg‘or tajribalardan namuna olgan holda, talabalarimizni maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlaridan tashqari bevosita xalqaro kompaniyalar hamda turizm klasterlarida ham o‘qish, ham ishlash tizimiga to‘liq o‘tkazamiz.

Tadbirkor talaba — institut faxri

​Oliygohimizda faqat tilshunoslar emas, balki til biladigan tadbirkorlar avlodi shakllanadi.

​Institutimizda “Yoshlar biznes inkubatori” faoliyatini yangi bosqichga ko’taramiz. Talabalarning innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya jalb qilishda ko‘maklashamiz.

​Chet tili sohasida xususiy markaz ochmoqchi bo‘lgan bitiruvchilarimizga 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda olishda institut kafillik va metodik yordam beradi.

Volontyorlik va ma’naviyat: Qalb uyg‘oqligi

​Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, volontyorlik — bu olijanoblik maktabi.

​Andijon davlat chet tillari instituti qoshida “Volontyorlar markazi” tashkil etilib; ekologiya, ta’lim va ijtimoiy ko‘mak yo‘nalishlarida faol bo‘lgan talabalarimizga “Ijtimoiy faollik kartasi” orqali rag‘batlantirish tizimini joriy qilamiz.

Kitobxonlik: Institut kutubxonasini dunyoning eng sara 100 ta asari bilan boyitish bilan birga, tarjimonlik yoʻnalishlarimiz talabalari ushbu asarlarni o‘zbek tiliga o‘girishda faol ishtirok etishadi. Eng faol kitobxonlarimiz esa 10 million so‘mlik maxsus mukofotlar bilan taqdirlanadi.

Qadrli yoshlar!

​Sizning har bir g‘oyangiz, har bir intilishingiz shaxsan davlatimiz rahbari va bizning e’tiborimizda. Institutimiz eshiklari sizning startaplaringiz, ilmiy tadqiqotlaringiz va kreativ tashabbuslaringiz uchun har doim ochiq. Har payshanba kuni o‘tkaziladigan “Yoshlar kuni”da men shaxsan har biringizning dard-u taklifingizni eshitishga tayyorman.

Bizning maqsadimiz aniq: Andijon davlat chet tillari instituti bitiruvchisi — dunyo bilan muloqot qila oladigan, mustaqil fikrli, tadbirkor va vatanparvar shaxs bo‘lishi kerak!

Yangi O‘zbekistonni, yangi marralarni birgalikda zabt etamiz!

 

Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov — Andijon davlat chet tillari instituti rektori, professor

Skip to content