«O‘Z UMRINGIZ QADRIGA YETING!»: INSTITUTDA GIYOHVANDLIKKA QARSHI KENG QAMROVLI PROFILAKTIK TADBIR O‘TKAZILDI

Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakultetida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda giyohvandlik illatiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Fakultet tyutori Sh.Komilov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda institut rahbariyati, soha mutaxassislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Xususan:

J.Siddikov — Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor;
M.Pazilov — Roman-german va slavyan tillari fakulteti dekani;
B.Xodjayev va Sh.Ahmedova — profilaktika katta inspektorlari;
M.Boymirzayeva — institut amaliyotchi-psixologi mehmon sifatida ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir muqaddimasi fakultet tyutori Sh.Komilov hamda institut Matbuot xizmati hamkorligida tayyorlangan maxsus videorolik namoyishi bilan boshlandi. Unda giyohvandlikning inson taqdiri va oilasiga yetkazadigan ayanchli oqibatlari hayotiy va ta’sirli kadrlar orqali ochib berildi. Bu namoyish talabalarda kuchli taassurot qoldirib, mavzuning naqadar dolzarbligini yana bir bor isbotladi.

Ma’ruzachilar tomonidan giyohvandlikning nafaqat tibbiy, balki huquqiy va psixologik jihatlari tahlil qilindi. Profilaktika inspektorlari qonuniy javobgarlik haqida ogohlantirgan bo‘lsa, psixolog mutaxassis yoshlarni tushkunlikka tushmaslikka va hayot qiyinchiliklarini sog‘lom yo‘llar bilan yengib o‘tishga chaqirdi.

Fakultet dekan o‘rinbosarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etgan ushbu uchrashuv ochiq muloqot va savol-javoblarga boy bo‘ldi. Yakunda har bir yosh o‘z umri va kelajagi uchun shaxsan mas’ul ekanligini anglab yetdi.

Bizning tanlovimiz — giyohvandlikdan xoli, sog‘lom va ma’rifatli hayot!

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content