MAHORAT DARSI: TAJRIBALI TYUTORNING ISH USLUBLARI OMMALASHTIRILMOQDA

​Andijon davlat chet tillari institutida talabalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, tyutorlarning pedagogik va psixologik mahoratini oshirish maqsadida «Tajribali tyutorning mahorat darsi» loyihasi doirasida amaliy mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqot va tajriba almashish ruhida o‘tgan ushbu mashg‘ulotda barcha fakultetlarning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari hamda institutning barcha tyutorlari ishtirok etdilar.

Tadbirni institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i O.Vositov ochib berar ekan, bugungi kun tyutori nafaqat tashkilotchi, balki talabaning eng yaqin maslahatchisi va yo‘l ko‘rsatuvchi ustozi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

​Ushbu mahorat darsini institutning eng tajribali xodimlaridan biri — Ingliz tili va adabiyoti fakulteti tyutori N.Yusupova olib bordi. Mashg‘ulot davomida quyidagi masalalarga e’tibor qaratildi:

Individual ishlash metodikasi: Talabalar bilan samarali muloqot o‘rnatish va ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash;
Hujjatlar bilan ishlash: Tyutorlik faoliyatidagi me’yoriy hujjatlarni yuritishning zamonaviy va soddalashtirilgan usullari;
​Kreativ yondashuv: Guruhlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni qiziqarli va talabalar auditoriyasiga mos tarzda tashkil etish.

Mahorat darsi yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, o‘z ish faoliyatlarida qo‘llashlari mumkin bo‘lgan yangi uslublarni belgilab oldilar. Bu kabi «Mahorat darslari» institutda tyutorlik institutining nufuzini oshirishga va talabalar bilan ishlash sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

​Bizning maqsadimiz — har bir talabaga individual yondashuv va yuksak e’tibor!

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content