7

Bugun — 17.02.2026-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida viloyat hududida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish hamda bu boradagi muammolarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishni Andijon viloyati prokurori o‘rinbosari U.Ch.Utayev hamda Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov olib bordilar. Tadbirda viloyatning migratsiya, bandlik va huquqni muhofaza qilish sohalariga mas’ul bo‘lgan qator hamkor tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida fuqarolarni xorijga jo‘natishda qonuniylikni ta’minlash va ularning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha quyidagi vazifalar ko‘rib chiqildi:
Huquqiy targ‘ibot: Fuqarolarning xorijiy davlatlar qonunchiligi haqidagi bilimlarini oshirish va noqonuniy migratsiya qurboniga aylanib qolishlarining oldini olish;
Til o‘rgatish va malaka: Institut salohiyatidan foydalangan holda, xorijga ketish istagida bo‘lgan fuqarolarni tizimli ravishda til o‘rgatish kurslariga jalb qilish;
Hamkorlik mexanizmi: Prokuratura organlari, bandlik boshqarmasi va ta’lim muassasalari o‘rtasida «tartibli migratsiya» zanjirini mustahkamlash.
Viloyat prokurori o‘rinbosari U.Ch.Utayev o‘z nutqida har bir mas’ul xodim fuqarolar taqdiriga daxldorlik hissi bilan yondashishi shartligini ta’kidladi. Rektor D.Rustamov esa institut bu borada nafaqat ta’lim markazi, balki migratsiya jarayonlariga ko‘maklashuvchi metodik baza bo‘lishga tayyorligini bildirdi.
Maqsadimiz — fuqarolarimizning xorijdagi munosib mehnat sharoitlari va huquqiy himoyasini kafolatlash!
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati