

Bugun — 2026-yil 17-fevral kuni Andijon davlat chet tillari instituti hamda O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasining Andijon viloyati bo‘limi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda har ikki tomon rahbarlari — Andijon davlat chet tillari instituti rektori D.A.Rustamov hamda federatsiyaning viloyat bo‘limi ijrochi direktori R.Ahmadulin ishtirok etdilar. Shuningdek, tadbirda tomonlar vakillari, institutning ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchi talabalari va tajribali murabbiylar qatnashdilar.
Mazkur hamkorlik doirasida quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi:
Sportni ommalashtirish: Talaba-yoshlar o‘rtasida chim ustida xokkey sport turini rivojlantirish va ularni ommaviy sportga keng jalb etish;
Shart-sharoit yaratish: Yoshlarning ushbu sport turi bilan shug‘ullanishlari uchun zarur moddiy-texnik bazani shakllantirish va takomillashtirish;
Musobaqalar tashkil etish: Institut yo‘nalishidagi sportchilarni birlashtirish, sport musobaqalari va sog‘lomlashtirish tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish.
Memorandum doirasida mutaxassislarni jalb qilish, soha bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida keng qamrovli targ‘ibot ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Shuningdek, hamkorlikda seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etiladi.
ADCHTI — sog‘lom turmush tarzi va yuksak sport natijalari tarafdori!
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati