

Bugun, 2026-yil 17-fevral kuni Andijon davlat chet tillari institutining Katta faollar zalida ilm-fan cho‘qqilarini zabt etgan, iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni e’tirof etishga bag‘ishlangan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimni institut rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida ilmga berilgan e’tibor — mamlakat kelajagiga qaratilgan eng yuksak investitsiya ekanligini ta’kidlab, ushbu yutuqlar nafaqat talabalarning, balki butun institut jamoasining umumiy muvaffaqiyati ekanini qayd etdi.
Tadbir davomida nufuzli Nomli davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan iqtidorli talabalarimiz munosib e’tirof etildi. Quvonarlisi, bu safar nafaqat talabalar, balki ularning kamolida poydevor bo‘lgan insonlar ham diqqat markazida bo‘ldilar:
Stipendiya sohiblariga — maxsus diplom va pul mukofotlari;
Ota-onalarga — institut ma’muriyatining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari;
Ilmiy rahbarlarga — fidokorona mehnatlari uchun munosib rag‘batlantirish sovg‘alari (pul mukofotlari) topshirildi.
Tadbir faqat rasmiyatchilikdan iborat bo‘lmadi. Ustozlarning samimiy tilaklari, talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar va kuy-qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha bayramona ruh bag‘ishladi.
Ushbu tantana institutda tahsil olayotgan boshqa yoshlar uchun ham katta motivatsiya manbai bo‘ldi. Zero, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash — Andijon davlat chet tillari institutining ustuvor vazifasidir.
Zafarlaringiz bardavom bo‘lsin, aziz stipendiatlar!
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati