

Andijon davlat chet tillari institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi doirasida “Gender tengligi — barqaror rivojlanish asoslaridan biri” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar Andijon davlat chet tillari instituti hamda “Iqbol” gazetasi tahririyati hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Seminarni institut rektorining Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Z.Kobilova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Mashg‘ulotlar davomida quyidagi muhim mavzularda ma’ruzalar tinglandi:
Loyiha maqsadi va vazifalari: “Iqbol” gazetasi muharriri F.Ibaydullayev loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Huquqiy asoslar: Pedagogika fanlari doktori, professor X.M.Jo‘rabekova gender tengligining huquqiy kafolatlari va xalqaro tajriba haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ijtimoiy faollik: Ishtirokchilar bilan birgalikda bugungi kunda viloyatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik va boshqaruvdagi ulushi ortib borayotgani tahlil qilindi.
Seminar davomida talaba-qizlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ijodiy ishlar tanlovlari va grant doirasidagi boshqa tadbirlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Ushbu seminar yoshlar orasida gender madaniyatini shakllantirish va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati