XALQARO HAMKORLIK: ADCHTI DELEGATSIYASI TOJIKISTONDA BO‘LDI

 ​Andijon davlat chet tillari institutining xalqaro aloqalarini kengaytirish va qo‘shni davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish maqsadida institut delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Tojikiston Respublikasida bo‘ldi.
​Roman-german va slavyan tillari fakulteti Umumiy va qiyosiy tilshunoslik kafedrasi mudiri B.Abdullayev boshchiligidagi vakillarimiz Xo‘jand davlat xalqaro instituti rahbariyati tomonidan iliq kutib olindi.

 Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Tojikistonning qadimiy va milliy bayramlaridan biri — Navro‘z ayyomidan 50 kun avval nishonlanadigan «Sada» bayrami tantanalarida ishtirok etdilar. Bahor darakchisi hisoblangan ushbu bayram tadbirlari doirasida o‘zbek va tojik xalqlarining mushtarak qadriyatlari yana bir bor e’tirof etildi.

 Amaliy tashrifning asosiy qismi ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-pedagogik hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi. Muzokaralar yakunida quyidagi kelishuvlarga erishildi va hamkorlik memorandumi imzolandi:

 Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
 Umumiy va qiyosiy tilshunoslik sohasida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
 Xalqaro konferensiya va seminarlarni hamkorlikda tashkil etish.

​ Ushbu kelishuv ikki institut o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, mintaqaviy ta’lim sifatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content