INSTITUTDA ENDI TOEFL iBT IMTIHONLARI TASHKIL ETILADI: XALQARO HAMKORLIKDA YANGI QADAM

 ​Andijon davlat chet tillari instituti xalqaro aloqalarni kengaytirish ва talabalarga jahon standartlariga mos sharoitlar yaratish borasida navbatdagi muhim natijani qo‘lga kiritdi.

 ​Bugun institutga dunyoga mashhur TOEFL iBT (Test of English as a Foreign Language) vakillari tashrif buyurdilar. Nufuzli mehmonlarni institut rektori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov qabul qildi.

 ​Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muzokaralar davomida tomonlar ta’lim sifatini baholash, xalqaro sertifikatlash tizimini takomillashtirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.

 ​Uchrashuv yakunida erishilgan asosiy natijalar:

 Institut va TOEFL iBT tashkiloti o‘rtasida rasmiy hamkorlik shartnomasi imzolandi;
 Endilikda TOEFL iBT test sinovlari bevosita Andijon davlat chet tillari institutida ham tashkil etiladi;
Vodiy viloyatlari yoshlari uchun xalqaro sertifikat olishda qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

 ​E’tiborlisi, ushbu hamkorlik qog‘ozda qolib ketmadi — amaliy ishlarga darhol start berildi. Hamkorlikdagi ilk imtihon jarayonlari ertaga, 2026-yil 31-yanvar kuni institut binosida bo‘lib o‘tadi.

 ​Bu kabi hamkorliklar Andijon davlat chet tillari instituti jamoasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash va oliygohning global ta’lim maydonidagi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati

Skip to content