

Andijon davlat chet tillari institutida Britaniya konsulligi vakillari — O‘zbekistonda imtihon faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha rahbar G‘afur Tajiboyev hamda hamkorlar bilan ishlash bo‘yicha menejer Amirsaid Sadiqovlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori M.Kurbanov boshchiligidagi mas’ullar kutib oldilar.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — institutda xalqaro darajadagi ingliz tili sertifikat imtihonlarini muntazam o‘tkazish, shuningdek, imtihonlarni o‘tkazish markazini tashkil etish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida quyidagi kelishuvlarga erishildi:
dastlab institutda IELTS imtihonlarini yo‘lga qo‘yish;
keyingi bosqichda, mart–aprel oylaridan boshlab Aptis ESOL Advanced hamda Aptis ESOL for Teachers imtihonlarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichiga oid taklif va tashabbuslarni muhokama qildilar hamda kelishuvlar samarali yakunlandi.
Mazkur tashrif institutda xalqaro baholash standartlarini joriy etish, talabalar va til o‘rganuvchilari uchun qulay imkoniyatlar yaratishda muhim qadam bo‘ldi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati