

Bugun — 19.12.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, ularning ma’naviy-ma’rifiy ongini yuksaltirish maqsadida Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari R.Arziyev ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda institut rektori D.A.Rustamov boshchiligidagi institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar ishtirok etdilar. Dastlab ekstremizm va terrorizmning jamiyat taraqqiyotiga, yoshlar ongiga hamda milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan ijtimoiy-ma’rifiy videorolik namoyish etildi. Unda jaholat, mutaassiblik va zo‘ravonlik g‘oyalarining inson hayoti va jamiyat kelajagi uchun qanday xavf tug‘dirishi hayotiy misollar asosida yoritib berildi.
Davra suhbati davomida so‘zga chiqqan mutaxassislar tomonidan ekstremizm va terrorizmning ijtimoiy, siyosiy va huquqiy oqibatlari, ularning yoshlar ongiga ta’sir etish mexanizmlari hamda bunday illatlarga qarshi kurashishda ma’rifat, bilim va tanqidiy tafakkurning o‘rni haqida atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yoshlarda vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati, qonunlarga hurmat va diniy bag‘rikenglikni shakllantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarda “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili jamiyat barqarorligini ta’minlashning eng samarali yo‘li ekani, oliy ta’lim muassasalarida bunday uchrashuvlar yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati