

Andijon davlat chet tillari institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-173-son Farmoni mazmun-mohiyatini dekan oʻrinbosarlari, tyutorlar va talaba-yoshlarga keng tushuntirish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni institut Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i O.Vositov olib bordi. Unda mehmon sifatida Andijon viloyati Statistika boshqarmasi bo‘lim boshliqlari M.Sotvoldiyev va X.Xamroqulovlar ishtirok etdilar.
Mutaxassislar Farmonda belgilangan asosiy vazifalar, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonining maqsadi, ahamiyati, bosqichlari hamda uning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berib, talaba-yoshlarning savollariga javob berdilar.
Uchrashuv davomida ro‘yxatga olish tadbirida aholining faol ishtirokini ta’minlash, jarayonning to‘g‘ri tushunilishi va axborot savodxonligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ham berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga Farmonga doir qo‘shimcha manbalar taqdim etildi va mazkur jarayonning davlat ahamiyatiga ega ekani yana bir bor ta’kidlandi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati