

Bugun — 20.11.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida ma’naviyat va ma’rifat targ‘iboti yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Ma’rifat maydoni” respublika tanlovining institut bosqichi yuksak saviyada o‘tkazildi. Tadbir ko‘tarinki kayfiyat, kuchli raqobat va jamoalar o‘rtasidagi qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘ldi.
Tanlovda uch fakultet jamoalari o‘z bilimlari, nutq madaniyati, intellektual salohiyati hamda ijodiy yondashuvlarini namoyish etdilar. Ishtirokchilar barcha shartlarda sahna madaniyati, jamoaviy ishlash qobiliyati, notiqlik mahorati, tahlil va asosli fikr bildirish borasida o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatib berishdi.
Natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Ingliz tili va adabiyoti fakultetining “Qodiriy izdoshlari” jamoasi;
2-o‘rin — Roman-german va slavyan tillari fakultetining “Yangi avlod” jamoasi;
3-o‘rin — Ingliz filologiyasi, o‘qitish metodikasi va tarjimashunoslik fakultetining “Moziy” jamoasiga nasib qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning ilmga chanqoqligi, keng dunyoqarashi, milliy qadriyat va zamonaviy bilim uyg‘unligini namoyon etgan chiqishlari tomoshabinlar va hakamlar hay’atida katta taassurot qoldirdi.
Tanlov ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.
G‘olib jamoalarni samimiy muborakbod etamiz! Ularga kelgusidagi hududiy va respublika bosqichlarida ham omad tilaymiz.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati