

Bugun — 17.11.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari instituti hududida barpo etilgan 4-Talabalar turar joyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Marosimni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ochib berdi va o‘z nutqida yurtimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning ta’lim sohasiga qaratayotgan doimiy e’tibori tufayli mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi, salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Shuningdek, institutning qayta tashkil etilgandan keyingi yillarda talabalar soni keskin oshgani, shuning uchun qo‘shimcha turar joylarga ehtiyoj yuzaga kelgani qayd etildi.
Tadbir davomida viloyat hokimi yoshlarni yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga, ilmiy va ijodiy izlanishlarda faol bo‘lishga chaqirdi.
Marosim yakunida ramziy lenta kesilib, yangi bino talabalar foydalanishiga topshirildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati