

Bugun — 15.11.2025-yil kuni Andijon davlat chet tillari institutida rektor, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov rahbarligida mas’ullar ishtirokida muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish, davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan siyosat mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugun jahon miqyosi keskin o‘zgarayotgan bir davrda O‘zbekistonning globallashuv jarayonlarida faol ishtiroki, xalqaro maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlashi uchun ta’lim maskanlari, xususan chet tillari institutlarining roli alohida ahamiyatga ega. Yig‘ilishda Andijon davlat chet tillari instituti jahonning turli davlatlari nufuzli Oliy ta’lim muassasalari bilan o‘rnatayotgan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni rivojlantirish zarurligi alohida qayd etildi.
Rektor Dilshodbek Abduvahidovich har bir fakultet dekani, bo‘lim boshlig‘i hamda professor-o‘qituvchilar zimmasiga xalqaro tajriba almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, chet tillarini chuqur biladigan, dunyoqarashi keng kadrlar tayyorlash bo‘yicha aniq vazifalar yukladi.
Shuningdek, xalqaro totuvlik va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlovchi ma’naviy-ma’rifiy tashabbuslarni kuchaytirish, talabalarni jahon maydoniga munosib tayyorlash masalalari yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati