

Bugun Andijon davlat chet tillari institutiga Xitoy Xalq Respublikasining Xinjian (Sinjian) provinsiyasi, Urumchi shahridan kelgan tadbirkor o‘z farzandi bilan tashrif buyurdi. Mehmonlar institut rahbariyati bilan uchrashib, ta’lim tizimi, o‘quv jarayonlari va talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida batafsil ma’lumot oldilar.
Tashrif davomida mehmonlar til laboratoriyalari, interfaol sinf xonalari, elektron kutubxona, multimediali ta’lim muhitlari bilan yaqindan tanishdilar. Institutda yaratilgan ochiq, innovatsion va xalqaro talablarga mos infratuzilma tadbirkor tomonidan yuksak e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida mehmon o‘g‘lini sifatli ta’lim imkoniyatlarini inobatga olib, Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakultetida oʻqitish istagini bildirdi.
Shuningdek, tadbirkor o‘zining O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini ifoda etib, investitsiya kiritish, yangi ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish va mahalliy aholining bandligini ta’minlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu tashabbus O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi mustahkam do‘stona aloqalar, o‘zaro ishonch va iqtisodiy hamkorlikning amaliy natijasidir.
Institut rahbariyati ta’kidlaganidek:
“Andijon davlat chet tillari institutida har bir talaba uchun qulay ta’lim muhiti, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari yaratilgan. Biz sifat, ochiqlik va mas’uliyat tamoyillariga sodiqmiz”.
Mazkur tashrif nafaqat ta’limiy, balki strategik diplomatik ahamiyatga ega bo‘lib, institutning xorijiy abituriyentlar uchun ochiqligini, O‘zbekistonning esa xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatida yuksalayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Andijon davlat chet tillari instituti xorijiy talabalar uchun sifatli ta’lim, ijtimoiy moslashuv va madaniy integratsiya yo‘nalishida kompleks qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini izchil kengaytirib bormoqda.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati