

21-oktabr — O‘zbekiston Respublikasida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakulteti Umumiy va qiyosiy tilshunoslik kafedrasi tomonidan “O‘zbek tili — millat timsoli, taraqqiyot kafolati” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli ijodkorlar — Usmon Azim, Shuhrat Orif, Dadaxon Muhammadiyevlar ishtirok etishdi. Ular o‘zbek tili, adabiyoti va milliy qadriyatlar haqida fikr yuritib, yoshlarga ma’naviy ozuqa beruvchi chiqishlar qildilar.
Shuningdek, institut professorlari M.Umarxo‘jayev hamda Sh.Shaxobiddinovalar so‘zga chiqib, o‘zbek tilining tarixiy ahamiyati, bugungi taraqqiyotdagi o‘rni va uni yoshlar qalbida ulug‘lash zarurligini ta’kidladilar.
Tadbir davomida talabalar tomonidan she’r, sahna ko‘rinishlari, musiqali chiqishlar va ifodali o‘qishlar namoyish etildi. Ular milliy tilimizni e’zozlash, unga hurmat va sadoqatni ifodalovchi badiiy chiqishlari bilan yig‘ilganlarda chuqur taassurot qoldirdilar.
Bundan tashqari kafedra tomonidan tashkil qilingan qator koʻrik-tanlov gʻoliblari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Madaniy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilarga tilimizga bo‘lgan g‘urur va mehr tuyg‘usini yanada mustahkamlash, uni kelajak avlodga ehtirom bilan yetkazish yo‘lida muhim turtki bo‘ldi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati