16

Bugun Andijon davlat chet tillari institutiga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Qoʻshaqboyevich Abdurahmonov tashrif buyurdi. Viloyat hokimini institut rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov kutib oldi va institut faoliyati bilan tanishtirdi.
Tashrif dasturi doirasida hokim, avvalo, institut bazasida tashkil etilgan Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasi o‘quv-amaliy laboratoriyasi bilan yaqindan tanishdi. Laboratoriya faoliyati, unda yaratilgan zamonaviy o‘quv-metodik sharoitlar va ayni damda farzandli talabalarga yaratilgan qulayliklar hokimda iliq taassurot qoldirdi: bu yerda o‘qiyotgan onalar tinch va xavfsiz muhitda bolalarini qoldirib, dars mashg‘ulotlarida erkin ishtirok eta oladi.
Keyingi manzil — institutning Logistika markazi bo‘ldi. Hokim markaz ish tartibi, mavjud laboratoriya va amaliy mashg‘ulot xonalari, talabalar uchun tashkil etilgan stajirovka va qisqa muddatli kurslar imkoniyatlari bilan tanishdi. Markazda faoliyat olib borayotgan talabalar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, ularning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, amaliyotga chiqish va kelgusida bandligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Shuhratbek Abdurahmonov shuningdek Faollar zaliga tashrif buyurdi va bitiruvchi kurs talabalar bilan uchrashdi. Ularning kasbiy oriyentatsiyasi, ishga joylashishdagi istiqbollari, xorijiy hamkorlar bilan almashinuv va amaliyot dasturlariga kirish masalalari yuzasidan savollariga javob berdi. Tashrif davomida hokim taʼlim muassasasining hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi roli, yoshlarni malakali kadrga aylantirishdagi masʼuliyati va mintaqa bandligini taʼminlashdagi imkoniyatlarini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvda institut rahbariyati va viloyat hokimligi vakillari o‘rtasida talabalar bandligini taʼminlash, amaliyot va stajirovkalarni kengaytirish, shuningdek sanoat hamda xizmat ko‘rsatish sohalari bilan integratsiyalashgan yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha konkret takliflar muhokama qilindi. Hokim tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, korxonalar va tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish orqali bitiruvchilar uchun ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tashrif yakunida Shuhratbek Abdurahmonov institutning taʼlim sifatini oshirish, DUAL taʼlimni keng joriy etish va amaliyotga bog‘langan o‘quv dasturlarini rivojlantirish borasidagi vazifalarini yana bir bor taʼkidladi. Hokim institut faoliyati viloyat ijtimoiy hayoti va iqtisodiy barqarorligiga bevosita hissa qo‘shishini, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ularni ish bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanligini qayd etdi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati