

Bugun Andijon davlat chet tillari institutida rektor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov raisligida ta’lim sifatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda prorektorlar, Oʻquv-uslubiy boshqarma rahbarlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va boshqa mas’ullar ishtirok etishdi.
Raislik qilgan rektor D.A.Rustamov o‘z chiqishida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, zamonaviy talablar va xalqaro tajribalardan kelib chiqib, institut oldidagi eng muhim vazifa sifatida ta’lim sifatini oshirishni belgilab berdi.
“Barchamizning oldimizda turgan eng birlamchi va asosiy masala — ta’lim sifati! Uni oshirmas ekanmiz, biz ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz”,
— deya ta’kidladi Dilshodbek Abduvahidovich.
Yig‘ilish davomida ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ichki nazorat tizimini mustahkamlash kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.
Shuningdek, turli lavozimlarga yangi tayinlangan rahbar xodimlarga aniq vazifalar yuklatildi. Ularning faoliyati ta’lim sifatining o‘sishi, dars jarayonlarining samaradorligi va talabalarning real bilim ko‘rsatkichlari asosida baholanib borilishi qayd etildi.
Rektor Dilshodbek Abduvahidovich yig‘ilish yakunida barcha rahbar va professor-o‘qituvchilardan institut taraqqiyotiga bevosita mas’uliyat bilan yondashishni, o‘z faoliyatida natijadorlik va tizimlilikni ustuvor vazifa sifatida belgilashni talab qildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati