
Andijon davlat chet tillari instituti rektori Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov Ingliz tili va adabiyoti fakulteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ta’lim-tarbiya jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish, talabalarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, shuningdek, zamonaviy ta’lim tizimida muhim o‘rin tutuvchi DUAL ta’limni samarali joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuvda ilmiy izlanishlarning ta’lim sifatiga bevosita ta’siri, xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish yo‘llari hamda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash zarurati alohida ta’kidlandi. Bu esa Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Ilm-fan va innovatsiyalarni jamiyat taraqqiyotining bosh omiliga aylantirish» g‘oyalarini amaliyotda ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Shu bilan birga, uchrashuv kafedra mudiri sifatida samarali faoliyat yuritib, institut rektorining buyrug‘i asosida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan E.Kurbanovga minnatdorchilik bildirilib, ta’lim sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatli faoliyatida yangidan-yangi zafarlar tilash bilan davom etdi.
Institut rektori, shuningdek, Filologiya fanlari doktori (DSc) D.Satimovani Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi mudiri sifatida jamoaga tanishtirib, unga ham pedagogik jamoa ishonchini oqlash, ta’lim jarayonini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish yo‘lida omad va muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuv mazmunan samimiy va mazmunli ruhda o‘tib, unda belgilab berilgan masalalar kelgusida institut ta’lim sifati, ilmiy izlanishlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati