
Bugun Andijon davlat chet tillari institutida 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ustozlarga ehtirom ifodasi sifatida «Ustoz siymosi – sharaf timsoli!» shiori ostida katta bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Dilshodbek Abduvahidovich Rustamov kirish soʻzi bilan ochib berib, ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi hamda ta’lim sifatini oshirish yoʻlida olib borilayotgan ishlar, kelajak avlod tarbiyasidagi ustozlarning beqiyos oʻrni haqida alohida toʻxtaldi.
Dastur davomida mehnat faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan bir qator professor-oʻqituvchilar tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan ijodkor va san’atkorlar — shoir Baxtiyor Fidoiy, qoʻshiqchi Gʻanisher Abdullayev hamda soʻz ustasi Gʻayrat Ahmedovlarning chiqishlari bayram kayfiyatini yanada yuksaltirdi.
Shu bilan birga, institut iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan bayram kompozitsiyasi namoyish etilib, tadbirga oʻzgacha ruh va shukuh bagʻishladi.
Mazkur tadbir ustozlarga boʻlgan ehtiromning yorqin ifodasi boʻlib, institut jamoasida iliq taassurot qoldirdi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati