
Andijon davlat chet tillari instituti Roman-german va slavyan tillari fakultetida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ezgu qadriyatlarimizning yorqin ifodasi bo‘lgan bayram tadbirlari davom etmoqda.
Fakultet tyutori O.Azimova tashabbusi bilan “Sizga ehtirom, aziz ustozlar!” shiori ostida tashkil etilgan samimiy uchrashuvda ustoz-shogird an’analariga chuqur hurmat bilan yondashildi. Tadbirda institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J.Siddikov boshchiligidagi institut, fakultet dekani M.Pazilov boshchiligidagi fakultet rahbariyatidan vakillar hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Dastur davomida talabalar o‘z ustozlariga minnatdorlik so‘zlarini izhor etishdi, mehr va ehtiromga boy chiqishlar, badiiy sahna ko‘rinishlari hamda ijodiy chiqishlar namoyish etildi. Ustozlarning fidoyiligi, yoshlarga berayotgan bilim va tarbiyasi yuksak qadrlanishi yana bir bor e’tirof etildi.
Mazkur tadbir nafaqat bayramona ruh, balki ustoz-shogird munosabatlariga bo‘lgan yuksak mehr-muhabbatni mustahkamlashga xizmat qildi.
Andijon davlat chet tillari instituti axborot xizmati